Tafakkur vaqti: Sabrning mukofoti

Bir solih kishining Alloh yo‘lida solih do‘sti bo‘lib, uni har yili bir marta ziyorat qilar edi. Bir kuni birodarini ziyorat qilish uchun kelib, eshigini taqillatibdi. Xotini: «Kim?» deb so‘rabdi. U: «Eringning Alloh yo‘lidagi birodariman. Uni ziyorat qilish uchun keldim», debdi. Shunda xotini: «O‘tin terishga ketgandi. Alloh uni sog‘ qaytarmasin, salomat qilmasin, undoq qilsin, bundoq qilsin», deya qarg‘ay ketibdi. U kishi eshik oldida turgan vaqtda tog‘ tarafdan birodari sherga bir quchoq o‘tin ortib kelib qolibdi.

Birodari bilan salomlashib, xush kelibsiz deb, o‘tinni ichkariga kirgizdi-da, sherga: «Barakalloh, endi boraver», debdi. So‘ng birodarini ichkariga taklif qilibdi. Xotini hanuz qarg‘anar, tili bilan ozor berar, eri esa bir so‘z qaytarmay, sukut saqlar edi. Solih kishi birodari bilan bir oz tamaddi qilgan bo‘libdi. So‘ng uyiga qaytibdi. U birodarining shunday bema’ni xotiniga sabr qilib yashayotganiga ajablangan edi.

Oradan bir yil o‘tgach, u kishi odatiga binoan, birodarini ziyorat qilish uchun kelib eshigini taqillatibdi. Xotini: «Kim?» dedi. U: «Eringizning Alloh yo‘lidagi birodari, falonchiman», degan edi, xotini: «Marhabo, xush kelibsiz. O‘tira turing, u kishi, inshaalloh, sog‘-salomat kelib qoladilar», debdi. Kishi xotinining shirinsuxan va odobliligidan ajablanibdi. Shu payt birodari o‘tin orqalab kelib qolibdi.

Kishi bundan ham hayratga tushibdi. Birodari kelib u bilan salomlashib, ichkariga taklif qilibdi. Xotini ularga taom hozirlabdi va ularni shirinsuxanlik bilan taomga taklif qilibdi. Kishi ketishi oldidan birodariga: «Sizdan bir narsa so‘ramoqchi edim», debdi. Birodari: «Nima?» degan edi, u kishi: «O‘tgan yili kelganimda xotiningiz beodob, ko‘p qarg‘anar edi, siz esa o‘tinni sherga ortib keldingiz. Vahshiy hayvon amringizga muntazir edi.

Bu yil esa, xotiningiz shirinsuxan, qarg‘anmadi. Biroq o‘tinni o‘zingiz orqalab keldingiz. Buning boisi nima?» deb so‘rabdi. Shunda birodari javoban: «Ey birodar, o‘sha bema’ni xotinim vafot etdi.

Uning axloqsizligi va qiliqlariga sabr qilar edim. U bilan yashash behuzurlik bersa-da, chidaganim bois shekilli, Alloh taolo menga o‘sha sherni bo‘ysundirib qo‘ygan, u og‘irimni yengil qilar edi. Xotinim vafot etgach, mana shu soliha ayolga uylandim.

Bu muborak, mute ayol bilan rohat-farog‘atda yashayapman. Shu bois, sher kelmay qo‘ydi va o‘zim o‘tinni orqalab kelishga majbur bo‘ldim», debdi.