Muhammad ibn Jarir shunday hikoya qildi: “Biz bir jamoa bo‘lib ilm izlab Madina shahriga bordik va u yerda tahsil bilan mashg‘ul bo‘ldik.
Pulimiz tugab, uyga qaytmoqchi bo‘ldik. Shunda bir yahudiy har birimizga uch dirhamdan pul berdi. Qirq marta shunday qildi. Biz: «Nega bunday qilayapsiz?», deya so‘radik. U bizga: «Tavrotda Mening yo‘limda nafaqaning afzali ilm o‘rganuvchilarga berilgan nafaqadir, deyilganini o‘qigan edim. Sizlarga o‘xshab ilm izlayotgan bironta yahudiyni ko‘rmadim», dedi.
Biz u bilan xayrlashib, hajga yo‘l oldik. Bir kuni yaxshilik qilgan yahudiyni Ka’ba atrofida ko‘rib qoldik. Biz undan nima qilib yurganini so‘radik.
U:
«Nabiy alayhissalomni tushimda ko‘rdim, u kishi menga Alloh taolo seni ilm ahliga qilgan nafaqang tufayli islom bilan ikrom qildi, dedilar. Bas, u zotning huzurida islomni qabul qildim.
Bu vaqt uyimda o‘n yetti jon bor edi, ularning har biri men tush ko‘rganimdek tush ko‘ribdi. Ular ham islomni qabul qilishdi», dedi.