Badavlat bir yigit o‘zining yangi xarid qilib olgan chet el mashinasida zavq bilan musiqa tinglab yeldek uchib borardi. Biroq yo‘l chetida o‘tirgan bolalarni ko‘rdi-da mashinasini sekinlashtirib o‘tib, yana tezlikni oshirmoqchi edi hamki, shu vaqt mashinasiga bir tosh kelib urildi.
Mashinani to‘xtatgan yigit jahl bilan mashinadan tushdi-da, tosh otgan bolakayni yoqasidan olib siltab baqira boshladi:
– Ahmoq bola! Qaysi kallang bilan mashinamga tosh otding?! Bilasanmi, bu mashina qancha turishini?
Shunda bolakay ko‘zida yoshi bilan qaltiroq ovozda dedi:
– Uzr, amaki. Men sizga va mashinangizga yomon niyatda tosh otmadim. Meni kechiring. Oyijonim nogironlar aravasidan yiqilib tushdi. Oyijonimni ko‘tarib, aravaga o‘tkazishga kuchim yetmadi. Bir necha soatdan buyon o‘tgan mashinalardan yordam so‘radim, ammo hech kim to‘xtamadi ham, ahamiyat ham berishmadi. Keyin majbur bo‘ldim shunday yo‘l tutishga. Bo‘lmasa siz ham to‘xtamas edingiz…
Yigit nogiron onaizorni aravasiga o‘tkazar ekan, tomog‘iga zaharli tosh tiqilib, ko‘zlaridan beixtiyor yoshlari shashqator oqar edi.
Yigit shu mashinasida bir necha yil yurdi. Har safar mashinani ta’mirlash uchun berganida o‘sha toshdan qolgan izni aslo ta’mirlatmasdi. Sababi o‘sha tosh izi unga odamiylik haqida saboq bergan edi.
Agar biz atrofimizdagilarning unsiz, faryodsiz qalb og‘riqlarini his qilmasak, bizga ham tosh otilishi muqarrar…