Sulaymon alayhissalomning xotini tovus patidan ko‘shku ayvon qurib berishni so‘rabdi. Malikaning iltimosini rad qila olmagan payg‘ambar barcha qushlarning boshliqlarini bir yerga to‘plab, maslahat qilibdi.
Boyo‘g‘li majlisga kechikib kelibdi. Sababini so‘raganida u shunday javob qilibdi:
– Ikki masalaning yechimini topish bilan band edim, shunga kechikdim.
– Qanday masalalar ekan ular?
– Birinchisi: bu zamonda o‘lik ko‘pmi yoki tirik?
– Seningcha qaysi biri ko‘p ekan?
– O‘lik ko‘p, chunki tongda ibodatga turmay g‘aflat uyqusida yotganlar ham o‘liklar qatoriga kiradi.
– Xo‘sh, ikkinchi masala nima ekan?
– Dunyoda xotin ko‘pmi yoki erkak?
– Qaysi biri ko‘p ekan?
– Xotin ko‘p, chunki xotinining yetovida yuradiganlar ham shu hisobga kiradi, – debdi boyo‘g‘li.
Bu gapni eshitgan payg‘ambar hech narsa demay, majlisni tarqatib yuboribdi.
«Ko‘hna dunyo rivoyatlari» kitobidan