Tafakkur vaqti: Ona duosi

Muso alayhissalom Alloh taologa jannatda o‘ziga kim qo‘shni bo‘lishini bildirishni so‘rab, ko‘p yolvorar edi.
Bir kuni bunday nido keldi:

— Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi qo‘shning bo‘ladi…

Muso alayhissalom qiziqib, qaysi ishi uchun u bunga loyiq bo‘lganini bilish niyatida yo‘lga chiqdi. Hazrati Muso o‘sha odamni qidirib topdi. U odam Muso alayhissalomning haq payg‘ambar ekanini bilgan, imon keltirgan bir qassob edi. Lekin payg‘ambarning o‘zlarini ko‘rmagani uchun tanimadi. Kechqurun qassob Muso alayhissalomni uyiga taklif qildi.

Ovqat tayyorladi. Dasturxon tuzadi. Ovqat yeyishdan oldin qassob devorga osilgan bir zambilni yerga tushirdi va undan harakat qilishga sira madori qolmagan bir kampirni ko‘tarib olib, yerga yotqizdi. Xuddi go‘dakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana joyiga qo‘ydi. Shunda kampir nimalardir deb shivirladi.

Keksa ayolning nima deyayotganini tushunmagan Muso alayhissalom qassobdan so‘radi:

– O‘g‘lim, bu kampir kiming bo‘ladi?
Qassob musofirga:

– Bu ayol onam bo‘ladi. O‘tirib-turishga, ovqat yeyishga holi yo‘q. Shu bois uni yediraman, ichiraman va ust-boshini toza tutaman. Qo‘limdan kelganicha xushnud etishga harakat qilaman.

Muso alayhissalom so‘radi:

– Hozirgina u senga gapirganday bo‘ldi, nimalar dedi?

Qassob:

– Onam: «Ey Rabbim! Men o‘g‘limdan xursandman. Sen ham undan rozi bo‘l. Jannatda uni Muso alayhissalomga qo‘shni qil», deb duo etdi.

Shunda Muso alayhissalom o‘zini tanitadigan vaqt kelganini tushundi va:
– Men Allohning payg‘ambari Muso bo‘laman. Allohdan jannatdagi qo‘shnim kim bo‘lishini bildirishni iltijo qilgan edim. Senga ro‘baro‘ qildi.

Onangga qilgan xizmating uchun Alloh sendan rozi bo‘ldi. Onangning duosini qabul ayladi. Alloh seni jannatda menga qo‘shni qildi, – dedi.