Yoshi ulg‘ayib qolgan jang san’ati ustasi qaytib maydonga tushmaslikka qaror qildi.
Biroq bir kuni yosh, manman polvon uni olishuvga chorladi. Usta bunga e’tibor bermay, jim o‘tiraverdi. Yosh jangchi endi uni masxaralashga, ajdodlarini haqoratlashga tushdi. Ammo bu ham natija bermadi.
Oxir-oqibat yosh polvonning hafsalasi pir bo‘lib, indamay qoldi.
Ustozning shogirdlari uning xatti-harakatidan hayron qolishdi, ayrimlari esa ta’na ham qilishdi:
– Nahot sizga o‘zingizning yoki ajdodlaringizning sha’ni qadrli bo‘lmasa?!
Ustoz bu savolga savol bilan javob berdi:
– Agar sizga biror narsa sovg‘a qilishsa-yu, uni olmasangiz, hadya kimda qoladi?
– Egasining o‘zida qoladi-da! – deyishdi ular.
– Hasad, g‘azab va nafrat ham xuddi shunday. Agar biz uni qabul qilmasak, u o‘z egasida qoladi.