O‘rmonda ahil bo‘rilar to‘dasi umrguzaronlik qilar edi. Kun kelib keksaygan to‘daboshi batamom kuch-quvvatdan qolibdi. Navbatdagi ov arafasida yo‘lboshchi endi to‘daga yo‘lboshchilik qila olmasligini ma’lum qilibdi. To‘da orasidan yosh va baquvvat, quyuq kulrang mo‘ynali bo‘ri chiqib to‘daboshining oldiga boribdi va bundan keyin bo‘rilar jamoasiga boshchilik qilishga izn so‘rabdi. Keksa bo‘ri rozilik bildirib, buni e’lon qilgach, bo‘rilar yangi yo‘lboshchi rahbarligida ozuqa topib kelish uchun jo‘nab ketishibdi.
Oradan bir kun o‘tib yangi sardor boshchiligidagi to‘da mo‘l-ko‘l o‘lja bilan qaytibdi. Yosh yo‘lboshchi keksa bo‘riga yetti nafar ovchiga hujum qilib, hech bir qiyinchiliksiz bor-budini talon-taroj qilganliklari bilan maqtanibdi.
Keyingi ovda, undan keyingisida ham ov baroridan kelib, yosh yetakchi jamoada o‘z mavqeini mustahkamlab oldi.
Izg‘irin kunlarning birida yangi sardor boshchiligida ovga ketgan navqiron va jasur to‘da oradan ko‘p vaqt o‘tsa hamki, ovdan qaytmabdi.
Nihoyat, uzoqdan bo‘rilarning qorasi ko‘rinibdi. Yakkam-dukkam qaytayotgan bo‘rilar mayib-majruh, hammayog‘i qonga belangan, mo‘ynasi tirnalgan holda, ularning yarmidan ko‘pi ortga qaytishmagan edi.
Yosh yo‘lboshchi keksa rahbar bo‘riga yo‘lda uch nafar yo‘lovchiga duch kelgani, ularga hujum qilib, jangda o‘zi va sanoqli hamrohlari zo‘rg‘a omon qolishganini aytibdi.
«Ilk boshqargan ovingda yetti nafar qurollangan ovchini xonavayron qilib qaytgan eding. Bu gal bor-yo‘g‘i uch yo‘lovchining sizlarni bunday achinarli ahvolga solganini qanday tushunmoq kerak?», – so‘rabdi keksa bo‘ri hayrat bilan.
Sobiq to‘daboshining savoliga yosh sardor shunday javob qaytaribdi:
«O‘shanda biz hujum qilganlar yetti nafar ovchilar to‘dasi edi. Biroq, biz kecha talamoqchi bo‘lgan odamlar uch nafar do‘stlar ekan».
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi