Ikki birodar tortishib qoldi. Biri — boyligi behisob davlatmand, ikkinchisi bilim doirasi keng donishmand edi.
— Agar o‘n besh yil uzlatda o‘tirsang, bor mol-davlatim seniki! — debdi tadbirkor.
Bahs boylagan dono yigit sevgan qiziga: «Meni o‘n besh yil kut, men, albatta, qaytaman va biz yana birga bo‘lamiz», — deb xat yozdi-da, o‘zi uzlatga chekindi. Odamlardan nari joyda bir yil yashadi.
U kimsasiz, xilvat go‘shada bekorchilikdan zerika boshladi, lekin yutqazib qo‘yishdan qo‘rqib, sabrdan libos kiyishga ahd qildi. Davlatmand birodarining joniga qasd qilish istagida odam yollab, sharob yubordi. U sharobni ichishdan bosh tortdi. Bu hodisa tez-tez takrorlanaverdi, lekin yigit yengilmasdan sabr qildi.
Kunlardan bir kun u o‘ziga o‘zi savol berdi: «Men kimman? Nima uchun yashayapman? Nima uchun dunyoga keldim?» Bu savollarga javob topish uchun boyning uni nazorat qilish uchun yollagan xizmatkorini chaqirib:
— Menga kitoblar olib keling! — deb buyurdi. Xullas, o‘sha kundan boshlab u kitoblardan uch savoliga javob izladi. O‘n besh yil suvday oqib ketdi.
Bor davlatidan ayrilib qolishdan qo‘rqqan boyning ichini it tirnardi. «Men nima qilib qo‘ydim? Shuncha yil yiqqan-terganimdan ajralamanmi endi?
Bu boylikning o‘zi shuncha bo‘lgani yo‘q. Ozmuncha sog‘lig‘imni yo‘qotdimmi? Ona sutim og‘ziga kelib, topgan davlatimni birovga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yadigan ahmoq yo‘q!» U tunu kun shu haqda o‘ylab, o‘yiga yetolmasdi. Uyqusini yo‘qotgan davlatmand, axiyri, bir qarorga keldi. U o‘z qo‘llari bilan birodarini narigi dunyoga ravona qilmoqchi bo‘ldi.
Boy belgilangan muddatdan bir soat avval do‘sti o‘n besh yil o‘ziga maskan tutgan o‘sha g‘orga kirib keldi. Atrofda kitoblar qalashib yotar, ularning ustida esa o‘ziga atalgan ikki enlik xat bor edi va unda shunday so‘zlar bitilgandi:
«Bilaman, meni o‘ldirgani kelding. O‘limdan qo‘rqqanim uchun emas, balki jondan aziz birodarimni bu og‘ir gunohga botishiga yo‘l ko‘ymaslik niyatida g‘orni tark etdim. Aziz do‘stim, senga aytar gapim shuki, hayot mazmunini faqat boylik orttirish, deb o‘ylasang, yanglishasan! Alloh ato etgan bu ne’matning har lahzasini g‘animat bilib, yaxshi nom qoldirish, kitob o‘qib, bilim egallash, mehr-oqibatni ulashishga sarflash kerak ekan.
Shundagina chin boy-badavlat, baxtli-taxtli odam bo‘larkansan. O‘zi to‘ymaganning sarqiti harom! Topgan davlating o‘zingga buyursin! O‘n besh yil bardoshimni sinadim. O‘qib, izlanib, shuni angladimki, hayot haqidagi tushuncham jo‘n ekan, lekin, eng asosiysi, men uzlatda uning mohiyatini anglab yetdim. Shunday ekan, hayotim endi boshlandi va bundan boshim osmonda!»