Tafakkur vaqti: Sulton sulaymonni yig‘latgan javob

Usmonli turk sultonlaridan bo‘lmish Sulton Sulaymon Qonuniyni juda ko‘p o‘ylantiradigan bir savol bor edi: Davlatlarni tanazzulga uchratuvchi sabablar nima?
Sulton bu savolga o‘zining «aql ustozi» — yetuk olim Shayx Yahyo hazratlaridan javob olmoq istab unga maktub yozadi va uni bosh vazir orqali yuboradi. Vazir maktubga javob keltirmaydi.
— Yahyo hazratlari maktubingizni o‘qidilar va birgina gap aytdilar, xolos, — deydi vazir Sultonga.
— Nima dedilar?
— «Menga ne g‘am», deyilgan zamon… – dedilar.
Sulton Sulaymon bu javobning mag‘zini chaqmoq uchun ko‘p o‘ylanadi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Shayxga yana bir maktub yozib, aytgan jumlasini sharhlab berishini iltimos qiladi.
«Men bu jumlaning mag‘zini chaqishga ko‘p urindim, o‘zimcha ba’zi xulosalarga ham keldim. Lekin maqsadim – Sizning fikringizni bilmoqdir. Iltimos, menga ochiq-oydin anglating» — deydi.
Shayx Yahyo hazratlari maktubga shunday javob yozadi: «Qaysi bir davlatda zulm kuchaysa,
qator-qator haqsizliklar yuz bera boshlasa,
adolat oyoqosti qilinsa va buni ko‘rib turganlar «menga nima» deya sukut saqlasa,
arboblar yetim-yesirlarning, beva-bechoralarning, kambag‘allarning ahvoli bilan qiziqmasa, muhtojlarning ohini toshlar eshitsa-yu, odamlar eshitmasa,
amaldoru ulamo bularning barini anglab, bilib tursa-yu, «menga ne g‘am» deya o‘z nafsi bilan ovora bo‘lsa, hokimlar hukmdorni aldash yo‘liga o‘tsa…
Ana o‘shanday davlatda fuqarolarning hukumatga ishonchi va hurmati yo‘qoladi. Xalqda osoyishtalik qolmaydi.
Bunday davlatlar tanazzulga mahkumdir!»

Sulton Sulaymon Qonuniy bu javobni o‘qib, yig‘lab yuborgan ekan…

Shayx Yahyo hazratlarining bu maktubi hozirda Istanbuldagi To‘pkapi saroyi muzeyida saqlanmoqda.

Turk tilidan
Farangiz Isomiddin tarjimasi.