Tafakkur vaqti: Professorning eng yaxshi darsi

Aprelning so‘lim kunlari. Keksa professor qobiliyatli talabasi bilan universitet xiyobonida sayr qilib yurgan ekan. Falsafiy suhbatga berilib ketgan ustoz va shogird nariroqda terga botib ishlayotgan kishiga e’tibor ham berishmabdi. Ammo yo‘lak chetidagi daraxt shoxiga ilib qo‘yilgan ohorsiz kiyimlar va uning tagidagi bir juft eski botinkaga ko‘zi tushgan talabaning fikri chalg‘ibdi.
Ziyrak ustoz buni payqab, shogirdining nazari tushgan tomonga qarabdi. Ular. shubhasiz, o‘sha sarpoychan bo‘lib olib ariq tozalayotgan kishiga tegishli edi.

Talaba, yosh yigit emasmi, sho‘xligi tutibdi. Ustoziga o‘sha mardumning kiyimlarini yashirib qo‘yib, panada turib uning qanday ahvolga tushishini kuzatishni taklif qilibdi.

Miyig‘ida kulib qo‘ygan professor bir muddat o‘yga cho‘mibdi. Maykachan bo‘lib, yelkalarini qizdirayotgan ko‘klamning oftobiga ham parvo qilmay ishlayotgan kishiga havas bilan qarab turib, shogirdiga unda boshqa taklif borligini aytibdi: “Ko‘rganingdan va qilgan ishingdan zavq olishni istayapsan, shundaymi? Unda kel bunday qilamiz, bilaman, boy odamning farzandisan, o‘sha botinka ichiga cho‘ntagingda bor pulni solib qo‘y-chi. Keyin chetroqda turib uning o‘zini qanday tutishini kuzatamiz. Ishonamanki, sen bundan ko‘proq zavq olasan».

Talaba shunday qilibdi, ishga andarmon kishiga bildirmay uning poyabzali ichiga pul tiqib qo‘yib, professor ikkalasi nari ketishibdi.

Bir muddat o‘tib, ishini yakunlagan haligi kishi daraxt odiga kelib kiyina boshlabdi. Botinkasini kiyaman desa ichiga nimadir tiqilgan. Ko‘rsaki — ichida bir dasta pul!
Hech narsaga tushunmagan sho‘rlik nima qilarini bilmay qolibdi. Atrofda hech kim ko‘rinmaydi. Nima qilish kerak? Bir muddat o‘ylanib turgan kishi tiz cho‘kkancha ko‘lini duoga ochibdi. Murg‘ak farzandi xastalanib qolgan, dori-darmon uchun pulga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda kutilmagan joydan yetkazgani, shundayin saxovatli bandalarni yaratgani uchun Allohga shukrona aytibdi.

Professor shogirdiga qarabdi. Uning ko‘zlarida yosh ko‘rgan ustoz shogird tanlashda adashmaganiga shukr qilib, so‘rabdi:
– Zavqlandingmi?
— Bu menga bergan darslaringizning eng yaxshisi bo‘ldi, ustoz… – deya javob beribdi ko‘zidan oqayotgan yoshlarini yashirishga besamar urinayotgan talaba.