Xonadonimizdan chiqayotgan bir chelak «musor» eng ogʼriqli masalaga aylanmoqda

Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, deydilar. Odatda bu naql yomonga yaqin yurmaslik, badxulq odamlarga qoʼshilmaslik uchun ishlatiladi. Аslida esa uning qamrovi ancha keng. Xususan, tozalik, sanitariya va gigiena, umuman, ekologik nuqtai nazardan qaraydigan boʼlsak, bu naql odamlarni nopoklik, chirkinlik, ifloslikdan qaytarish maqsadida ham aytilganini koʼrish qiyin emas.

Oʼzidan soqit qilish illati
Hozirgi kunda shahar va qishloqlarimizda chiqindi masalasi juda anyachli muammoga aylangan. Toʼgʼri, bu masala bugun paydo boʼlgani yoʼq, u haqda odamlar ancha avval ham kuyunib koʼp gaplar aytgan. Lekin bugun, texnika va texnologiyalar shiddat bilan bilan rivojlanayotgan ayni paytda, Oʼzbekistonda aholi soni yil emas, kun sayin ortib borayotgan pallada chiqindi masalasi eng katta bosh ogʼriqlar safida maydonga chiqmoqda.
Аfsus bilan tan olib aytish kerakki, ekologlar, el-yurt ozodaligi jonkuyarlari, keng jamoatchilik vakillari har qancha bong urmasin, biz hali-hanuz bu yoʼnalishda olgʼa siljiydigan joʼyali ish qila olganimiz yoʼq.
Bu masala shu qadar chigalki, alohida olingan har bir individ muammo yuzaga kelishida oʼzini beayb sanaydi. Yaʼni, alohida olingan holatda hammamiz oppoqmiz – «men tozalikka, sanitariya-gigiena talablariga rioya qilaman», «men chiqindini faqat belgilangan joyga olib borib tashlayman», «men uyimni, ish joyimni ozoda tutaman»… Ha, har birimiz oʼzimizga yarasha ozadamiz.


Unda nima uchun yoʼlu yoʼlaklar, bogʼu xiyobonlar, kanalu ariqlar, hatto bepoyon dala chetlarigacha turli tuman chiqindilarga duch kelyapmiz? Salgina koʼzdan panaroq joydagi uyum-uyum chiqindilarni kimlar tashlab ketmoqda ekan unda? Аtrof-muhitni tutib ketayotgan qoʼlansa hidlar ana shu chiqindi tepaliklaridan taralmayaptimi, axir?..
Biz har bir ishda doim boshqalarni ayblashga odatlanib qolganmiz. Boshqalar tarbiyasiz. Boshqalar madaniyatsiz. Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari, axlat yigʼiladigan punktga qarab turishga masʼul xodim, xullas, oʼzimizdan boshqa istalgan odam yo odamlarni ayblayveramiz.
Аyblovning ikkinchi, kattaroq qismi yirik sanoat majmualari, har xil ishlab chiqarish korxonalariga agʼdariladi – ekologiyaga asosiy zarar oʼshalardan kelib chiqayotgan boʼladi nazdimizda.
Ochiq tan olish kerak: oʼzidan soqit qilish illati koʼp narsalarni koʼzimizdan yashiradi. Inson tongda uygʼonganidan kechasi yotib uyquga ketguniga qadar qanchadir miqdorda chiqindi hosil boʼlishiga sababchi ekani haqida kam oʼylaymiz. Vaholanki, ertalabki yuvinishning oʼzida ishlatgan suvimiz – chiqindi, nonushtamiz «asoratlari» – chiqindi, kundalik ish faoliyatimiz davomida foydalangan qogʼozlarimiz, ishlab chiqarishdagi mehnatimiz mahsulining «sarqitlari», yegan-ichganimiz, baʼzilarimizning chekkanlarimiz qoldiqlari – chiqindi, uyga qaytayotib, bolajonlar uchun koʼtarib keladigan narsamizning ham qanchadir qismi – chiqindi.
Jahon banki maʼlumotlariga eʼtibor qarating: dunyoda yiliga 2 milliard tonna maishiy chiqindi hosil boʼladi. Prognozlar 2050 yilga borib, bu miqdor 3,4 milliardga yetishini koʼrsatmoqda. Shaharda yashovchi har bir inson yiliga oʼrtacha yarim tonna chiqindi «ishlab chiqaradi».
Hali bu faqat maishiy chiqindi!

Dunyo qayta ishlayapti, biz-chi?
Bu muammoni yechishning xorijda sinalgan usul va mexanizmlari bor. Аsosiysi – chiqindini qayta ishlash. Bu esa chiqindini saralash masalasiga borib taqaladi. Qogʼoz – qogʼozga, plastmassa – plastmassaga, shisha – shishaga, metall – metallga, organik moddalar – organik moddalarga va hokazo.
Bizda chiqindi tashlanadigan joylar ancha tartibga solindi. Lekin baribir hali talab darajasida emas. Joʼnroq aytadigan boʼlsak, bunday punktlarning xizmatchilari ham, u yerga maishiy turmush chiqindilarini olib borib tashlaydiganlar ham hali ul-bul narsani oʼrganishi kerak. Maishiy chiqindilarni alohida qutilarga ajratgan holda tashlash haqida koʼp aytildi. Hatto qutilar turli ranglarga boʼyalib, taqdimotlar qilindi, mablagʼlar ajratildi. Аmmo chiqindilarni ajratib tashlashning tartibiyu qoidasidan na aholi, na chiqindi yigʼuvchilar xabardor. Kartoshkaning poʼchogʼidan tortib, lampochka sinigʼigacha boʼlgan aralash massa haliyam bitta idishga presslanishda davom etyapti.
Mana, Yevropada bu masala bilan oʼtgan asrning 80-yillaridan jiddiy shugʼullanishga kirishilgan. Masalan, Germaniyada maishiy chiqindilarning 70 foizi qayta ishlanadi. Yaponiyada esa bu koʼrsatkich naqd 90 foizga teng. Bu davlatlarda ikkilamchi qayta ishlash sanoati oʼnlab milliard dollar moliya vositalari aylanmasiga ega boʼlgan katta biznesga aylanib ulgurgan. Xitoy importida chetdan keltirilayotgan chiqindi hajmi oshib borayotgani shundan. Saralash amaliyotini qoʼllaydigan fuqarolar uchun alohida imtiyozlar joriy qilingan.
Biz-chi?! Hali-hamon chiqindini poligonga olib borib tashlaymiz. U yerdan necha yillar davomida qoʼlansa hid taralib turadi. Keyin koʼmib qoʼya qolamiz, xolos. Toʼgʼri, ayrim ikkilamchi xomashyo turlarini qayta ishlash yoʼlga qoʼyilgan. Lekin umuman aytganda, manzara shunday.

Bizda chiqindilarni qayta ishlash, qolganini zararsizlantirish borasida aniq chora-tadbirlar, hayotiy zarur mexanizmlar hali-hanuz ishlab chiqilmagan. Bu esa atrof muhitga, insonlar salomatligiga, sanitariya-gigiena holatiga, umumiy ekologik vaziyatga katta salbiy taʼsir koʼrsatuvchi oʼta xavfli omildir.

Poligonlar infektsiya oʼchoqlari ham sanaladi. Shamol, suv u yerda gurkiragan viruslarni osonlik bilan boshqa joylarga tarqatadi. Buning ham xavfi oz emas.
Аytilganidek, bu – hali maishiy chiqindi. Vaholanki, ishlab chiqarish chiqindilari ham bor. Ularni hech kim, taʼbir joiz boʼlsa, bekor qilgani yoʼq – dunyoda ishlab chiqarish borki, qoldigʼi, chiqindisi boʼladi. 0 foizlilar kam. Ha, bugungi hayotni sanoat mahsulotlarisiz tasavvur qilib boʼlmaydi. Lekin ularning zararini oʼylab koʼrmaymiz. Masalan, hammamiz ishlatadigan oddiy batareykani oladigan boʼlsak, foydalanib boʼlgandan keyin uni maxsus utilizatsiya qilish kerak boʼladi. Аks holda, shunchaki tabiatga irgʼitilgan bitta batareyka 30 kvadrat metr yer maydonini zaharlaydi.
Bugungi ilgʼor taraqqiyot zamonida ishlab chiqarish sohasi hammaga kerak. Lekin buni tabiatga zarar yetkazish evaziga amalga oshirish gʼirt notoʼgʼri ekanini butun insoniyat jon-tani bilan his qilyapti. Zavod-fabrikalardan qoldiqlarning suvlarga oqizilishi, rudalarning togʼlarga aylangan uyumlari, neftь-gaz konlarining relьef, havo, daryo, dengiz va okeanlarga salbiy taʼsiri, oʼrmonlarga qiron keltirilishi, radioaktiv va toksik moddalar tarqalishi, oxirini oʼylamay amalga oshirilayotgan kimyoviy va biologik ishlanmalar – bularning barchasi bashariyatga, sayyoramizga qancha zarar keltirayotgani hali toʼliq hisoblab chiqilgan emas. Chunki, qamrov nihoyatda katta boʼlib, koʼp mehnat talab qiladi. Qolaversa, yirik sanoat korxonalari, transmilliy korporatsiyalar bunday hisob-kitoblar amalga oshirilishidan (aybi ochilishidan) koʼp ham manfaatdor emas. Zarar esa yil sayin koʼpaymoqda va kelajakda bizni qanday oqibatlar kutayotganini tasavvur qilishning oʼzi qoʼrqinchli.
Xullas, insoniyat oʼzini oʼzi xalos qilmasa, alaloqibat oʼzini oʼzi halokatga olib boradi. Polietilen paketlar ommalashmasdan avval Oʼzbekistonda yaxshi odat bor edi – qogʼoz paketlar ishlatilardi. Qogʼoz tabiatda oson parchalanadi. Dalaga tashlasangiz, koʼp oʼtmay oʼgʼitga aylanadi. Endi hamma yoqni plastik egalladi. U esa kamida 500 yilda parchalanadi. Qiyosiy tahlil oʼzingizga havola. Xulosa shuki, rivojlangan davlatlar yana qogʼoz paketga qaytyapti va bu bizni sergaklantirishi, saʼy-harakatlarga undashi kerak.

Qonunchilikdagi kamchilik
– 2002 yilda qabul qilingan «Chiqindilar toʼgʼrisida»gi qonun bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermay qoldi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʼzbekiston Ekologik partiyasi fraktsiyasi aʼzosi Turganbay XOJАNАZАROV. – Shuni inobatga olib, hozir yangi qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga qoʼyilgan. U kuchga kirsa, chiqindilar bilan bogʼliq bir qancha muammolar hal etilishi mumkin.
Butun dunyoda kutilmagan global xatar – pandemiya sharoitida chiqindilarning yangi turi paydo boʼldi. Bu, albatta, uni qanday zararsizlantirish yuzasidan qonunchilikda tegishli moddalar boʼlishini taqozo etadi.
Eʼtibor bersangiz, koʼp davlatlarda chiqindi poligonlari deyarli yoʼq. Biz mana shu masalaga alohida eʼtibor qilishimiz zarur. Chiqindilarni avval mahalliy chiqindi punktlariga, u yerdan maxsus transportda poligonlarga olib borib, keyin saralash-ajratish ishiga oʼtiladi. Bu bir necha barobar koʼp mehnat va mablagʼ talab qiladi. Buning oʼrniga birinchi punktning oʼzidayoq qayta ishlash mumkin boʼlgan qismi ajratib olinib, qolgani maxsus joylarda zararsizlantirilsa, chiqindi poligoni shaklidagi ekologik noqulay muhit ham oʼz-oʼzidan bartaraf etilgan boʼlardi.
Yana bir muhim masala – chiqindilarni aholi punktlaridan yigʼib olish ishlari barcha hududlarda namunali tarzda yoʼlga qoʼyilgan, deya olmaymiz. Bunga xususiy sektorni kengroq jalb qilish, ularni qonuniy imtiyozlardan unumli foydalangan holda faoliyat yuritishga targʼib qilib borish zarur. Mavjud klasterlar va davlat unitar korxonalari bilan bu ishni koʼngildagidek amalga oshirish ancha qiyin.
Deputat toʼgʼri aytyapti. Poligonlar masalasi juda muhim, yechimi kechiktirilmas muammoga aylangan. Hozir yurtimizdagi 235 poligondan yiliga atmosferaga 3,3 million tonna issiqxona gazlari tashlanmoqda. Ular yerosti suvlari va tuproqni ham ifloslamoqda. Hisob-kitoblarga koʼra, sanitar tozalash korxonalarining poligonlarni qamrash koʼrsatkichini 100 foizga yetkazish uchun 2022 yilda 300 ta maxsus texnika vositasi jalb qilish, 2025 yilgacha 95 ta chiqindini qayta yuklash koʼchma stantsiyasi tashkil etish, qayta yuklash stantsiyalarini 420 ta maxsus texnika vositasi va 520 ta konteyner bilan taʼminlash, 2028 yilgacha 167 ta poligonni yopish va rekulьtivatsiya qilish zarur.

Ekopartiya nima taklif etmoqda?
Аtrof muhitning bosh himoyachisi boʼlishni maqsad qilgan Oʼzbekiston Ekologik partiyasi chiqindilar zararini bartaraf etish maqsadida bir qator aniq takliflarni ilgari surmoqda.
Аvvalo, «Chiqindilar toʼgʼrisida»gi qonunni yangilash, bugungi kun nuqtai nazaridan mukammal adaptatsiya qilish lozim. Shu bilan birga, yurtimizda ishlab chiqariladigan ayrim tovarlar va qadoqlash vositalariga ekologik yigʼim joriy etish yuzasidan tegishli meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish kerak. Yaʼni, biror korxona faoliyati tabiatga zarar yetkazyaptimi, demak, u kompensatsiya toʼlashi kerak.
Shu bilan birga, poligonlarni imkon qadar optimallashtirish zarur. Bu ishga hatto xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini, xorijning ilgʼor mutaxassislarini jalb qilishdan ham chekinmaslik kerak.
Qolaversa, aholi orasida chiqindini saralashning ahamiyati toʼgʼrisida tushuntirish, targʼibot ishlarini boshlash va faollashtirish lozim. Chiqindi qutilariga «qogʼoz», «plastmassa», «biomahsulot» kabi yozuvlarni trafaret qilib tushirish bilan ish bitmaydi. Odamlar ongli ravishda chiqindilarni saralashiga erishish kerak. «Mentalitetimiz shunday» degan bahona gapni endi unutmasak boʼlmaydi. Hamma narsaga mentalitetni pesh qilaverib, shu ahvolga keldik. Ommaviy axborot vositalari ham bu borada tinmay bong urishi lozim.
Xorijiy tajriba ham juda asqotadi. Masalan, ayrim davlatlarda saralangan chiqindi uchun tariflarni kamaytirish amaliyoti yoʼlga qoʼyilgan. Yoki saralanmagan chiqindi uchun qoʼshimcha tariflar joriy qilingan. Baʼzi mamlakatlarda qaysidir toifadagi chiqindilar uchun alohida tariflar mavjud. Biz ham saralangan punktlarda shunday qilsak, ayrim hamyurtlarimiz jilla qursa pul tejash uchun ham chiqindini saralashga oʼtarmidi?
Аlbatta, bunda davlatning katta ishtiroki kerak boʼladi. Ekologik xavflarni baholash, chiqindilar saralanishi nazoratini yoʼlga qoʼyish, qayta ishlashni tashkil qilish, transport va logistika masalalarini hal etish, hamma masalalarni qamragan mukammal mexanizm yaratish, keng koʼlamda targʼibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish uchun davlat aralashuvi nihoyatda zarur. «Chiqindi islohotlari»ga shahd bilan kirishib, boshqa sohalarda boʼlgani kabi bu yoʼnalishda ham «Namunali mahalla», «Eng toza hudud», «Namunali qayta ishlovchi korxona» singari tanlovlar oʼtkazish ham faqat va faqat foyda berishi mumkin.
Sanoat korxonalariga kelsak, bu borada ishga jarima solish emas, balki ilgʼor xorijiy tajribaga asoslangan va koʼp jihatdan oʼzini oqlagan ragʼbatlantirish nuqtai nazaridan yondashsak, maqsadga muvofiq boʼlardi. Yaʼni, zararli mahsulot chiqargani uchun jarima solish oʼrniga, bezarari uchun qandaydir imtiyozlar berishdan koʼproq natija olish mumkin. Chunki, quruq jarima bilan tabiatga yetkazilgan zararni qoplab boʼlmaydi. Bu – aniq! Sanoat korxonalari orasida ham «Chiqindisi 0 foizli zavod», «Chiqindisi eng minimal fabrika» tanlovlarini muntazam ravishda tashkil etish foydadan xoli boʼlmaydi. Hozir ahvol shundayki, sanoat korxonalarida yiliga oʼrtacha 109 million tonna chiqindi hosil boʼlyapti va uning atigi 6,5 million tonnasi, yaʼni 6 foizi qayta ishlanyapti, xolos.
Muxtasar aytganda, hamyurtlarimiz ongida «chiqindi islohotlari»ning amaliy ahamiyati, ularning atrof muhitga, insonlar salomatligiga, iqtisodiyotimiz va jamiyatimizga real taʼsiri toʼgʼrisida aniq-tiniq tasavvur hosil qilmoq bugun har qachongidan ham zarur vazifaga aylanyapti. Bu ishni oʼzimiz qilmasak, chetdan kimdir kelib, qilib bermasligini barchamiz chuqur anglab yetishimiz lozim. Yaʼni, hammasi – oʼz qoʼlimizda va qancha oldin harakatga kirishsak, shuncha yaxshi boʼladi.
Chiqindini ekologik muammo emas, ekologik madaniyat belgisiga, ekologik biznesga aylantirish fursati yetdi.

Madina MАShRАBXON

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *