“Havodagi xonadonlar”: Sergelida firibgarlar umuman qurilmaydigan uy uchun pul olishgan

Xalqimizda “Oʻz uying – oʻlan toʻshaging” degan naql bor. Har kim ham bir boshpana, bir vatanga ega boʻlishni orzu qiladi. Ayni shu orzular fuqarolarning arzon takliflarga uchib, aldanib qolishiga sabab boʻlmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi. Tekshiruv natijalariga koʻra, “K” MCHJ rahbari M., norasmiy rahbari I. va boshqalar, fuqarolarning ishonchiga kirib, MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishini aytgan hamda 5 nafar fuqaroni “shartnoma” tuzishga koʻndirgan.

Ushbu “oldi-sotdi”lar firibgarlarga fuqarolarning 1,3 mlrd so‘mini qoʻlga kiritish imkonini bergani maʼlum boʻldi.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.