​​Samarqand xalqaro aeroporti 20 oktyabrdan bir oyga yopiladi

Mazkur aeroport 2021 yil 20 oktyabrdan 20 noyabrgacha yangi aerodrom majmuasini ishga tushirishga tayyorgarlik ishlari munosabati bilan parvozlarni vaqtincha toʻxtatadi.

Bu haqda “Uzbekistan Airports” AJ axborot xizmati maʼlumot berdi.


Barcha reyslar respublikaning boshqa xalqaro aeroportlari — Navoiy, Buxoro, Qarshiga yoʻnaltiriladi, u yerdan yoʻlovchilar uchun Samarqandga yerusti transferi tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, ayni paytda uzunligi 3105 metr va kengligi 60 metr boʻlgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagining qurilishi toʻliq yakunlangan.

Bir oy ichida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi va perron bilan bogʻlash boʻyicha ishlar olib borilishi kerak.