«Mirziyoyevni oʻzim va partiyadoshlarim nomidan chin dildan tabriklayman»— Narzullo Oblomurodov

Toshkent shahrida mamlakatimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov ishtirokida saylovga tayyorgarlik jarayonlari, amalga oshirilgan hamda saylovning dastlabki natijalariga bagʻishlangan brifing tashkil etildi.

Narzullo Oblomurodov saylovning dastlabki natijalarini xalqimiz xohish irodasi hamda tanlovi sifatida hurmat qilishini va bu natijalarni toʻligʻicha tan olishini taʼkidladi.

«Fursatdan foydalanib, saylovchilarning 80,1 foiz ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yuksak lavozimiga saylangan Oʻzbekiston tadbirkorlari va ishbilarmonlari harakati – Liberal-demokratik partiyasidan nomzod hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni oʻzim va partiyadoshlarim nomidan chin dildan tabriklayman.

Biz kelgusida saylangan Prezidentning barcha gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan holda jonajon Oʻzbekistonimiz taraqqiyoti va xalqimizning porloq kelajagi yoʻlida bor kuch va gʻayratimizni ayamasdan mehnat qilishimizni bildiraman», dedi Narzullo Oblomurodov