MAQTOV – TIZ CHOʻKIB QILINADIGAN QAROQCHILIKDIR

Matbuot rasman emas, faqat qogʻozlardagina emas, real hayotda boshqa uchta hokimiyat bilan boʻylasha oladigan chinakam toʻrtinchi hokimiyat boʻla olishiga ishonchni ommada shakllantirish uchun nima qilmoq kerak?

Matbuot, ommaviy axborot vositalari Konstitutsiyamizni jiddiy oʻqigan va tafakkur qilgan inson uchun haqqoniy toʻrtinchi hokimiyatdir. Bilasiz, shunday kasblar borki, yuz minglab, millionlab insonlar u bilan shugʻullanadi, lekin ularning kasb-kori Konstitutsiyada tilga olinmagan. Konstitutsiyada Prezident va Vazirlar Mahkamasi, Sud va kuch ishlatar tizimlari hamda Ommaviy axborot vositalari alohida institutlar tarzida tilga olingan. Ommaviy axborot vositalariga alohida bob bagʻishlangan. Nari borsa, mingta atrofida OAV boʻlsa va ularda besh-oʻntadan odam ishlasa, besh yo oʻn ming kishining faoliyati Konstitutsiyaga kirgan. Ikkinchi tomondan, jurnalistika xuddi shifokorlik va muallimlik kabi ijtimoiy kasbdir, adolat va haqiqat uning oʻzagi boʻlishi shartligidan kelib chiqib, unga Konstitutsiyaviy institut maqomi berilgan.

Yangi Oʻzbekistondagi yangi islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari yana oʻz vazifasini halol bajarishga taraddudlanmoqda. “Toʻrtinchi hokimiyat” istilohiga kelsak, uch hokimiyat nima qiladi: qonun chiqaruvchi hokimiyat — davlat va jamiyat faoliyatiga asos boʻladigan qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi, ijro hokimiyati va xalq shu qonunlar asosida ishlaydi, yashaydi va faoliyat yuritadi, sud hokimiyati davlat mansabdorlari va xalqning qonunlarni buzgan hollariga hakamlik qiladi va jazo beradi. “Toʻrtinchi hokimiyat” — ommaviy axborot vositalari esa bu uchta hokimiyat va jamiyatning hayotini shaffoflashtiradi, ularning oʻz vazifalarini amalga oshirishlariga koʻmaklashadi, kamchiliklarini oshkor qiladi, muammolarining yechimi saylovlarda qatnashganda, tafakkur bilan ovoz berishi uchun jamoatchilik fik­rini shakllantiradi. Matbuotning hokimiyati — xalq fikriga taʼsir oʻtkaza olish kuchidadir.   

OAVning toʻrtinchi hokimiyatga aylanishi qator omillarga bogʻliq.

 Eng avvalo, siyosiy iroda kerak. Bu iroda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aytilmoqda va qayta-qayta daʼvat etilmoqda.

Ikkinchidan, OAVga oid qonunlar takomillashuvi lozim. Masalan, tuhmat va haqorat degan jinoyatlarni gʻayrikriminallashtirish taklifi amalga oshishi kerak. Bu qonunbuzarliklarning maʼmuriy va fuqarolik kodekslarida boʻlishi yetarlidir. Soʻz uchun, fikr uchun qamoq jazosi boʻlishi mamlakatda fikr erkinligiga hech qachon yoʻl bermaydi. Biror bir taraqqiy qilgan, madaniy xalqda va davlatda bunday modda mavjud emas, u faqat avtoritar va totalitar davlatlarda qolgan. Uni mansabdorlar tanqiddan qoʻrqqani uchun ushlab turadi va xalqqa esa shunday deydi: “Nahotki, sizga gazetada yoki internetda tuhmat yo haqorat qilishsa va jazosiz qolsa?!” Avvalo, jazosiz qolmaydi — maʼmuriy va fuqarolik kodekslariga koʻra jazolanadi, jarima toʻlaydi, OAV yopilishi mumkin, qolaversa, OAV qonunchiligiga koʻra yolgʻon maʼlumotlar raddiya qilinadi va fikrlarga javob bera oladi. Faqat soʻz uchun qamoq jazosi boʻlmaydi, xolos. Agar bir jurnalist soʻzi uchun qamalar ekan, qolgan minglab jurnalistlar tanqiddan tiyiladi, jim oʻtirishni yoki maqtashni afzal koʻradi. Maqtov esa “tiz choʻkib qilinadigan qaroqchilikdir”.

Uchinchidan, OAV menejmenti bozor iqtisodi sharoitiga oʻtishi kerak. Qonunchilikka koʻra, istalgan sohaga sarmoya kirita olasiz, lekin OAV sohasida chegara bor, nizom jamgʻarmasida xorij sarmoyasi 30 foizdan oshmasligi kerak, bevosita biror matbuot xorijdan mablagʻ jalb eta olmaydi, avval “umumiy oʻra”ga — Fondga tushishi kerak va u kimga berishni hal qiladi. Sarmoyador esa muayyan, aniq loyihaga pul beradi. Koʻryapsizki, matbuot sohasi bozor iqtisodining raqobat sharoitiga kira olmaydi. Tushunaman, bu cheklovlar orqali jamoatchilik fikriga xorij taʼsir oʻtkazmasin, deyilgandir balki. Biroq jamiyatda adolat hukm sursa, nimadan qoʻrqamiz?!

Toʻrtinchidan, aynan xalqning oshkora fikrlashi va ongli qarorlar qabul qilishi – haqiqiy barqarorlik va xavfsizlikning asosidir. Ongsiz olomon – xavfsizlikning dushmanidir.

Jurnalist Karim BAHRIYEV