Tafakkur vaqti: “Quyoshni yoʻqotish kerak”

Uyida uxlayotgan bir kimsa ustiga tushayotgan quyoshning oʻtkir nurlaridan uygʻonib ketibdi. Toʻlgʻonib, oʻzini u yoqqa tashlabdi, bu yoqqa tashlabdi

– baribir uxlolmabdi. Tashqariga chiqib qarasa, allaqachon hamma uygʻongan, oʻz ishi bilan mashgʻul.
Tepangda quyosh charaqlab tursa, uxlab boʻlarmidi…

Uxlashiga xalaqit berayotganini sezgach, oʻzicha quyoshni daf qilmoqchi boʻlibdi. Sababi – uxlash har kimning shaxsiy ishi. Unga halaqit berishga hech kim haqli emas. Oldiniga kesak otib, quyoshni urib tushirishni koʻzlabdi. Otgan kesaklari naf bermagach, suv sepib, quritish payida boʻlibdi.

Shu taxlid ancha suvni isrof qilgach, oʻzi ham holdan toyib, oʻtirib qolibdi. Shunda xayoliga gʻalati bir fikr kelibdi: “Quyosh yonib turgan shar-ku, uni puflab oʻchirish mumkin!” Oʻz xayolidan oʻzi xursand boʻlgan kimsa avval tik turib, soʻngra oʻtirib olib, jon-jahdi bilan quyoshni puflashga tushibdi.

Holdan toysa ham bor kuchi bilan puflayveribdi.
Shom tushib, qosh qoraya boshlagach, kimsa oʻz muvaffaqiyatidan xursand boʻlibdi: “Uddaladim!”
Keyin bemalol uyga kirib uxlashga yotibdi.
Darvoqe, unga quyoshni yoʻqotishning nima keragi bor, deb oʻylarsiz?

Axir, kuppa-kunduzi quyosh charaqlab turganda uning murdaday qotib uxlab yotishi – tiynatidagi dangasalik, yalqovlik, boqibegʻamlik, gʻayratsizlik, noshudlik, koʻrolmaslik, johillik kabi yuzlab xususiyatlari oshkor boʻlishiga sabab boʻladi-da.

Shuning uchun u hamisha quyoshdan xavfsirab, uni oʻziga dushman bilib kun kechiradi.
Ne baxtki, yangi tong otishi bilan quyosh yana jilmayib chiqib kelaveradi.

Kamoliddin SHAMS