18 yoshli yigit qurilishda beshinchi qavatdan yiqilib ketdi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Haqda SSV axborot xizmati ma’lum qildi.

Shu yilning 23 fevral kuni 2004 yilda tug‘ilgan bemor A. og‘ir holatda tez tibbiy yordam mashinasida RSHTYOIM qabulxonasiga olib kelingan.

Bemor qurilish ob’yektining 5-qavatidan yiqilib tushgani sababli jarohat olgani aniqlangan. U zudlik bilan shok zaliga yotqizilib, markaz mutaxassislari tomonidan bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolarida MSKT tekshiruvi hamda qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasida ultratovush tekshiruvlari o‘tkazilib, bemorga tashxis qo‘yilgan.

— Tegishli mutaxassislar tekshiruvidan so‘ng qo‘yilgan tashxis asosida bemorda zudlik bilan bir necha jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, — deydi markaz direktori Doniyor Alimov. — Dekompressiv lyaminektomiya, ayrim umurtqalarni reklinasiya va stabilizasiya qilish orqali umurtqa pog‘onasiga transpedikulyar sistema o‘rnatish kabi operasiyalar shular jumlasidan. Yuqori saviyada o‘tgan amaliyotlar natijasida bemorning hayoti saqlab qolindi.

Operasiyadan keyin ko‘krak va bel sohasi MSKT qilinganda, hech qanday xafv aniqlanmagan. O‘tkazilgan jarroxlik amalyotlari va davo choralari natijasida o‘smir yigitchaning umumiy ahvoli yaxshilandi. Hozirda uning gemodinamik ko‘rsatkichlari barqarorlashib, kundan kunga ijobiy o‘zgarishlar qayd etilmoqda.