Tafakkur vaqti: Sof raqobat

O‘qituvchi sinfdagi a’lochi, ammo baxil o‘quvchidan so‘radi:

— Nega sinfdoshlaringdan birortasi yaxshi o‘qishni boshlasa, janjallashaverasan?

Bilganlarini chipakka chiqarishga harakat qilasan?

— Chunki hech kimning mendan oldinga o‘tib ketishini istamayman, — rostiga ko‘chib qo‘ya qoldi bola ham.

O‘qituvchi qo‘liga bir bo‘lak bo‘r oldi va polga o‘n besh santimetr uzunlikda chiziq tortdi va o‘quvchidan so‘radi:

— Bu chiziqni qanday qisqartirish mumkin?

O‘quvchi oldiniga hayron bo‘ldi va chiziqni qisqartirishning bir necha usulini aytdi. O‘qituvchi javobni qabul qilmadi, oldingidan ham uzunroq chiziq chizdi va savol berdi:

— Birinchi chiziq qanday ko‘rinyapti?

O‘quvchi uyalgancha boshini egdi:
— Ancha qisqa…

Bu javobdan keyin o‘qituvchi baxil o‘quvchiga umr bo‘yi unutilmaydigan javobni berdi:

— Ilm va tajribangni oshirib, o‘z chizig‘ingni uzaytirishing raqib chizig‘ini qisqartirishga harakat qilganingdan ming chandon yaxshidir!