​​Tafakkur vaqti: Qarshimizdagi eshik

Bir tilanchi darvozasi hashamatli, ko‘rinishidan badavlatligi sezilib turgan uy ostonasiga borib, ehson so‘radi. Uy naqadar dabdabali, eshigi qanchalik qimmatbaho bo‘lsa-da, ichkaridan tilanchiga qo‘l uzatishga ham arzimagan bir in’om berildi.

Ertasi kuni tilanchi o‘sha uy qarshisiga bolta ko‘targan holda keldi. Darvozani bolta bilan chopib, yaroqsiz bir o‘tin suratiga keltirib qo‘ydi. Bu holni ko‘rganlar tilanchining ishidan ajablanib, nima uchun bunday qilganini so‘rashdi.

— Oldin bu eshikdan kirib chiqadiganlar yolg‘on iddao qilishardi. Ya’ni bu eshikdan chiqib, qilinadigan muomala darvozaga mos emas edi. Shunda men yo darvoza ehsonga loyiq, yoki ehson darvozaga muvofiq bo‘lishi kerakligini tafakkur qildim.

Men bu uydagilarning iddaosi rost bo‘lishi uchun ularga yordam berdim. Endi bu uyga kelgan hech bir tilanchi menga o‘xshab aldanib qolmaydigan bo‘ldi, — deb javob berdi.

Hozir dunyodagi barcha insonlar oylarning sultoni bo‘lgan muborak Ramazoni sharifda — Allohning rahmat va mag‘firat darvozalari ostonasida turibdi.

Bu eshikdan hech kim nomurod qaytarilmaydi. Faqat chin qalbdan iltijo qilib so‘rashning o‘zi kifoyadir.