O‘zbekistonda “prava”ni olib yurish talabini bekor qilish taklif etilmoqda

Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmaganligi uchun jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish taklif qilinyapti. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida shunday petitsiya joylashtirildi.

“Bugungi kunda turmush tashvishlari bilan bo‘lib aksariyat holatlarda haydovchilar muayyan hujjatlarni uyda yoki ishda qoldirgan holda transport vositasini haydashiga to‘g‘ri kelib qoladi. Biroq ushbu holatda DYHXX xodimlari tomonidan haydovchiga jarima solinadi. Shu sababli, yo‘l harakati xavfsizligi tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish kerak”, deydi petitsiya muallifi.

Shu sababdan murojaatda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 135-moddasi 1-qismiga o‘zgartirish kiritish taklif qilingan. Bu modda sanksiyasiga ko‘ra, qoidabuzar BHMning 1 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

“Hozirda barcha DYHXX xodimlari maxsus planshetlar bilan jihozlangan va ular yagona ma’lumotlar bazasiga ulangan. Ma’lumotlar bazasida transport vositalarini qayd etish guvohnomalari va haydovchilik guvohnomalari haqidagi ma’lumotlar mavjud. Ma’lumotlar bazasida haydovchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar joylashtirilgan va ushbu bazaga barmoq izi orqali identifikatsiya qilish tizimi joriy etilgan bo‘lsa, u holda tegishli hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmagani uchun jarima qo‘llashning nima zarurati bor?!”, deyiladi murojaatda.

Shu sababli transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmagani uchun javobgarlikni qo‘llash amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda. 

Portalda joylashtirilgan petitsiya hozirgacha 12 911 ta ovoz olgan. Endilikda taklif Oliy Majlisda ko‘rilishi kerak. 

Avvalroq, Qozog‘istonda haydovchilar avtotransport vositalarini haydovchilik guvohnomasi va transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasisiz boshqarish huquqiga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *