Bositxonovaning aybi bilan bir ona nobud boʻlgani aytilmoqda

“Sogʻliqni saqlash vazirligida tartib butunlay izdan chiqqan, botqoqqa botdi bu vazirlik. Vazir oʻrinbosari Elmira Bositxanova vazirga yozilgan hujjatni unga kiritishga yoʻl qoʻymaganligini, bir bechora ona oʻlib ketganligini yashirayotganligini yana qanday izohlash mumkin?”, deb yozmoqda internet foydalanuvchilaridan biri.

“Opaxon oʻzlari yozganlaridek, bir bechora ona “Bezprichinnaya smert” toparkanu, hech kim bilmasinmish… Bositxanova va shunga oʻxshash amaldorlar vazifasidan ozod etilmas ekan, bunaqa yolgʻonlar bilan tibbiyot ham, boshqa sohalar ham hali ancha vaqt tartibga kelmasa kerak”, deya qoʻshimcha qiladi murojaatchi.

Elmira Bositxonova 2011-2016 yillarda Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasining raisi lavozimida ishlagan. Soʻng, 2016 yil dekabridan 2019 yil iyuniga qadar Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari vazifasini bajargan. 2019 yil iyun oyida yana Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi etib tayinlangan edi.

Bositxonova biror ishlagan joyida aytarli oʻzgarish qilmadi. Ayniqsa Xotin qizlar qoʻmitasi degan tashkilot xotin qizlar hayotini oʻzgartirish uchun birorta yangilik koʻzga tashlanmadi. Ammo sohani shunaqa ahvolga olib kelgan rahbarni qayta-qayta vazir oʻrinbosari qilib qoʻyishdan nima naf?

Bositxonovani bir SSVga, bir Xotin qizlar qoʻmitasiga, bir mahalla tizimiga olib oʻtib katta lavozim berishadi, lekin birortasida joʻyali oʻzgarish qildimi? Aytarli hech narsa qilmadi!

Unda nega lavozim bilan siylab, mansab kursisida ushlab turish kerak? Internet tarmogʻida ham doim Bositxonovaga nisbatan norozilik kayfiyatidagi xabarlar topiladi.

Prezident doim biror rahbarni tanqid qilsa “eplolmasa ishdan ketsin”, deya taʼkidlaydi. Unda nega Bositxonova va Bositxonova kabi tizimda biror ish qilmasdan bekordan bekorga oylik olib yurgan rahbarlar arizasini yozib, ishdan ketmaydi?

Mana, prezidentlik saylovi ham oʻtdi, balki endi tizimda bir qator “tozalash” ishlari olib borilar. Endi lavozimlarga oʻz ishining fidoiylari jalb etilar. Oddiy xalq doimgidek umidini uzmaydi…