1 noyabrdan Oʻzbekiston aholisini sinov tariqasida roʻyxаtga olish boshlanadi

Oʻzbekistonda 1-25 noyabr kunlari sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkaziladi. Bu haqda Davlat Statistika qoʻmitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov Ogoh.uzga ma’lum qildi.

Sinov Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida oʻtkaziladi.

Bundan tashqari 1-5 noyabr kunlari Internet tarmogʻi orqali aholini sinov tariqasida roʻyxatga olish oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Onlayn tadbirda census.stat.uz havolasi orqali Oʻzbekistondagi va xorijdagi barcha fuqarolar ixtiyoriy qatnashishi mumkin.

Qoʻmitaning bildirishicha, mazkur tadbir 2023 yilda oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish jarayoniga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida oʻtkazilmoqda.

Prezident 2019 yil 5 fevralda 2022 yilda aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qarorni imzolagan edi. Ammo pandemiya oqibatida bu qaror ijrosi 2023 yilga qoldirildi.

Oʻzbekistonda soʻnggi marta aholi 1989 yilda roʻyxatga olingan edi.