Tafakkur vaqti: Podshoni yig‘latgan qizcha

Qadimda o‘g‘rilarning qo‘llari kesilganini eshitganmiz. Shunday o‘g‘rilardan biri ushlanib, jazoga hukm qilinganda bir qizcha podsho huzuriga kelib tiz cho‘kib, yig‘laganicha o‘tinib so‘rabdi:
– Otamni jinoyatlari uchun qo‘llarini kesishga buyurgansiz.

Bilaman, hukmingiz adolatli Lekin otamning mendan kichik yana to‘rt farzandlari bor. Onamiz kasalmandlar, bizlarni boqa olmaydilar. Agar otamizning qo‘llarini kestirsangiz, hammamiz ochdan o‘lamiz. Bizlarga rahm qiling, otamizning qo‘llarini kestirmang. Agar qo‘l kesmaslikning boshqa iloji bo‘lmasa, u holda otamning qo‘llari o‘rniga mening qo‘limni kesa qoling.

Podsho bu gapni eshitib, kichkinagina qizning ota-onasiga muhabbati bu qadar ulug‘ligidan hayratda qoldi. Qizni sinamoq maqsadida unga:
– Mayli, otang qo‘li o‘rniga sening qo‘lingni kestiraman. Qo‘lingni bugun emas, ertaga kesishadi. Ertagacha yaxshilab o‘ylagin, keyin yana pushaymon yeb yurmagin, – dedi.

Ertasi kuni jazo maydonida yana odam to‘plandi. Qizning otasini keltirdilar. Qiz ham hozir bo‘lib, otasiga dedi:
– Otajon, sira qo‘rqmang, men podshoga «Otamning qo‘llari o‘rniga mening qo‘limni kestiring», deb yalindim. Iltimosim qabul bo‘ldi. Hozir mening qo‘limni kesib, sizni ozod qilishadi.

Qiz shunday deb, kundaga qo‘lini qo‘ydi.
Bu holatdan podsho ham, to‘planganlar ham ko‘z yoshi to‘kdilar. Qizning otasi ozod etildi. Ota-bolaga iltifotlar ko‘rsatildi. Podshoning amri bilan jazo maydonidagi kunda olib tashlanib, uning o‘rniga bir marmar tosh tiklandi-da, quyidagi so‘zlar o‘yib yozildi: «Bir yoshgina qiz otasining qo‘li o‘rniga o‘z qo‘lini fido etishni istadi. Shu qizdek farzandga ega bo‘lgan ota-ona qanday baxtiyordir…»