Alisher Usmonovga tegishli yana ikkita vertolyot hibsga olindi

Fransiya hukumati tomonidan o‘tgan hafta rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga aloqador ikkita vertolyot Lazurn qirg‘og‘ida hibsga olindi. Bu haqda «Forbes» xabar berdi.

Nashrning Fransiya Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakiliga tayanib ma’lum qilishicha, «Airbus EC-175»  vertolyoti Le-Kastel, «Eurocopter EC-155» vertolyoti esa Monakoning Monte-Karlo shahrida hibsga olingan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Airbus EC-175» oxirgi marta 2021- yil 13- noyabrda Le Kastelda, «Eurocopter EC-155» esa 1- martda Monte-Karloda qayd etilgan. Ikkala vertolyot ham Britaniyaning Men orolida ro‘yxatga olingan, biroq 3 -mart kuni ro‘yxatdan chiqarilgan. Bu shuni anglatadiki, vertolyotlar endi sertifikatlanmagan, ya’ni ular endi sug‘urtalanmagan va boshqa davlatda ro‘yxatdan o‘tgunga qadar ucha olmaydi.

«Forbes» ma’lumotlariga qaraganda, «Airbus EC-175» «Crystal Sky Limited» kompaniyasiga, «Eurocopter EC-155» esa «Margaux Aviation Limited»ga tegishli. Ikkala kompaniya ham Kayman orollarida joylashgan. Nashr yangi va foydalanilgan modellar narxidan kelib chiqib, ikkita vertolyotning narxini 26 million dollarga baholagan. O‘z navbatida, Alisher Usmonovning vakilining «Forbes» nashriga aytishicha, tadbirkor vertolyotlarga ega emas.

«‘Forbesʼ tomonidan eslatib o‘tilgan mulkning katta qismi, shu jumladan, ikkita vertolyot qaytarib olinmaslik sharti bilan berib yuborilgan. Janob Usmonov ularga egalik qilmaydi. Mulkni oilaviy trastga o‘tkazish jarayoni ko‘p yillar oldin boshlangan. Buning sanksiyalardan qochish yoki boylikni yashirish bilan hech qanday aloqasi yo‘q», — degan u.