Tafakkur vaqti: IKKI QUL

Sulton ikki nafar qul sotib oldi. Biri kelishgan, ozoda, tishlari oppoq edi.

Sulton yangi qulini yoniga chaqirib, suhbatlashdi. Qul xojasining so‘rovlariga aniq va to‘liq javob berdi. Sulton unga iltifot ko‘rsatib, hammomga jo‘natdi.

So‘ng: «Ikkinchi qul ham yonimga kelsin!», deb amr qildi. Bu qul juda xunuk, tishlari qop-qora, og‘zidan noxush hid kelar edi. Suhbatidan ham sultonning ko‘ngli to‘lmadi. Lekin ko‘rinishga qarab shoshilib hukm chiqarmay, ularni yaxshilab sinovdan o‘tkazishga qaror qildi.

Og‘zi badbo‘y quliga dediki: «Sen aqlli odamga o‘xshaysan. Lekin oldinroq huzurimga kelgan qul meni sendan sovutishga urindi, sen haqingda: «U yaxshi odam emas, o‘g‘ri. Bo‘lmag‘ur odamlar bilan ulfat hamda nomussiz kishi», deb aytdi», dedi. Qul: «Hojam, men uni to‘g‘riso‘z odam deb bilaman.

Yolg‘on so‘zlaganiga guvohim ham yo‘q. Mening yomon jihatlarimni ko‘rgan ekan, u ko‘rgan ayblarimni o‘zim ko‘ra olmabman», dedi. Sulton qancha urinmasin, qulga do‘sti haqida yomon gap ayttirolmadi.

Avvalgi qul hammomdan qaytgach, xo‘jayinining huzuriga chaqirildi. Sulton unga: «Juda ham chiroyli bo‘lib ketibsan. Lekin ming afsuski, narigi sheriging sen haqingda aytgan xislatlari senda bo‘lmaganda edi», dedi. Qul birdan qizishdi: «Sultonim, u diyonatsiz men haqimda nima dedi?!».

Sulton: «U sening ikkiyuzlamchiliging, ko‘rinishda davo, aslida esa dard ekaningni gapirdi». Qul bu gaplarni eshitgach, jahldan aqlini yo‘qotdi. Qizarib-bo‘zarib, sherigining orqasidan og‘ziga nima kelsa gapirdi.
Sulton: «Men ikkingizni ham imtihon qilib ko‘rdim. Bildimki, uning og‘zidan noxush hid kelsa, sening ruhingdan badbo‘y hid taralar ekan. Bundan keyin u sening xojang, sen esa uning qulisan. Bor, uning xizmatida bo‘l!», deb buyurdi.

Husnli, ammo axloqsiz odam qadrsizdir. Bir insonning yuzi xunuk bo‘lishi mumkin. Lekin axloqi go‘zal bo‘lsa, uning oyoqlari ostida jon taslim qil! Zohiriy shakl, go‘zallik o‘tkinchi, ma’no olami esa boqiy va bebahodir.

«Masnaviy»dan