Noshukur banda tush ko‘ribdi. Tushida bir kishi uni qo‘lidan ushlab yetaklagancha, notanish uyga olib kiribdi. Uyning shiftidan to‘xtovsiz chakki o‘tayotgan ekan.
“Ey birodar, nima, bu uyning egasi shu qadar qashshoqmi? Hatto chakki o‘tayotgan shiftni ham ta’mirlamabdi?” – noshukur kishi yo‘lboshchisidan asta so‘rabdi.
Hamrohi javob beribdi: “Yo‘q, bu Xudoning bandalariga nozil qilayotgan rizq-nasibasi. Uni osonroq tushunishing uchun senga mana shu tarzda ko‘rsatilyapti. Ana, qara, bir joydan ko‘proq, bir joydan kamroq suv tushyapti. Chelaklab tushayotgani o‘ziga to‘qniki, tomchilab tushayotgani esa kambag‘alniki”.
“Bu yerda mening ham rizqim tushayotgan teshik bormi?” – so‘radi noshukur.
“Ha”, javob berdi yo‘lboshchi va tomchi bir tomib, bir to‘xtab tushayotgan joyni ko‘rsatdi.
“Bu tomchini ko‘paytirishning iloji yo‘qmi?” kayfiyati tushib ketgan noshukur achchiqlanib so‘radi.
“Bor, buning uchun shukur kilish kerak”, dedi hamrohi bunga javoban.
“E-e-e, yo‘q, yaxshisi teshikni kattalashtirish kerak”, deb noshukur banda yerdan cho‘p olib, teshikni kovlashga tushdi. To‘satdan cho‘p rizq tomayotgan teshikka tiqilib, sindi va tomayotgan bir tomchi suv ham to‘xtab qoldi.
Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi